Asosiy ma’lumotlar
- Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Ta’lim-ilmiy psixologiya markazi negizida Psixologiya ilmiy tadqiqot instituti tashkil etildi, u Xalq ta’limi va ilm vazirligiga bo‘ysunadi
- 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab pedagoglar va o‘quvchilarga kamida yiliga bir marta majburiy psixologik diagnostika joriy etiladi, natijalar sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi
- 2027-yil oktabridan yagona elektron psixologik yordam platformasi va milliy psixologik salomatlik monitoringi tizimi ishga tushiriladi
Prezident qarori va idoralararo kengash
O‘zbekiston prezidenti 19-oktabr uzluksiz ta’lim tizimida psixologik xizmat sohasini rivojlantirish to‘g‘risida qaror imzoladi. Hujjat inson kapitali sifatini oshirish, yoshlarning psixologik farovonligini ta’minlash va ta’limdagi psixologik xizmatning ilmiy, metodik hamda tashkiliy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan. U, shuningdek, psixologiya sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda ta’lim muassasalarida psixologik yordam mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi. Qaror bilan Xalq ta’limi va ilm vaziri Erkinjon Turdimov rahbarligida psixologiya sohasida ilmiy tadqiqotlar va kadrlar tayyorlashni rivojlantirish bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etildi. Uning tarkibiga Fanlar akademiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa idoralar vakillari kirdi.
Psixologiya ilmiy tadqiqot instituti
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Ta’lim-ilmiy psixologiya markazi negizida Psixologiya ilmiy tadqiqot institutini tashkil etish ma’qullandi. Institut Xalq ta’limi va ilm vazirligiga bo‘ysunadi hamda barcha ta’lim bosqichlari uchun psixologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar, kadrlar qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha bazaviy muassasa bo‘ladi. U hozirda O‘zbek tili va adabiyoti Toshkent davlat universiteti joylashgan, sobiq pedagogika universiteti yonidagi Bratislava ko‘chasida joylashadi. Ta’lim muassasalari psixologik xizmat xodimlarining malakasini kamida besh yilda bir marta oshirish bo‘yicha majburiy talab belgilandi.
Maqsadli psixologik diagnostika
Institut faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri barcha ta’lim muassasalarining pedagoglari va o‘quvchilariga kamida bir o‘quv yilida bir marta o‘tkaziladigan maqsadli psixologik diagnostika bo‘ladi. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab diagnostika maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida, 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab esa o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida joriy etiladi. Institut xalqaro standartlar asosida skrining va chuqur diagnostika uchun yagona standartlashtirilgan metodikalar va test to‘plamlarini ishlab chiqishi lozim. Diagnostika shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligi ta’minlangan maxsus elektron platformada olib boriladi. Sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida tahlil qilinadigan natijalar bo‘yicha pedagoglar va o‘quvchilar «psixologik barqaror», «psixologik yordamga muhtoj» va «faol psixologik yordam talab etiladi» guruhlariga ajratiladi. Oxirgi ikki guruh uchun individual yordam rejaslari tuziladi va psixologlar biriktiriladi, oxirgi guruh uchun esa mentor-psixologlar tayinlanadi. Institut bu ish natijalarini monitoring qilib boradi.
Kadrlar tayyorlash va laboratoriyalar
Institut ta’lim muassasalari psixologlarini kaskadli malaka oshirish tizimi orqali o‘qitishni boshlaydi va hududlar bo‘yicha mentor-psixologlar guruhlarini shakllantiradi. O‘quv yili yakunlari bo‘yicha eng yaxshi 150 nafar mentorga davlat byudjeti hisobidan mehnatning minimal oylik haqi miqdorining 20 barobari miqdorida bir martalik to‘lov amalga oshiriladi. Har o‘quv yili oxirida ITI pedagoglar va o‘quvchilarning psixologik salomatligini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalarni yangilaydi; ular darsliklar tayyorlashda hisobga olinadi. «Kelajak soatlari» darslari dasturiga o‘quvchilarning psixologik bilimlarini oshirishga oid mavzular kiritiladi. Institut tarkibida uch laboratoriya faoliyatini boshlaydi: raqamli psixologiya va sun’iy intellekt laboratoriyasi (internetga qaramlik, kiberbulling, internet xavfsizligini o‘rganish, psixodiagnostikada sun’iy intellekt va virtual yordamchilarni qo‘llash), ta’lim psixologiyasi va psixologik xizmat laboratoriyasi (yagona axloqiy kodeks, ishning milliy standartlari va mutaxassislar samaradorligini baholash mezonlari) hamda psixologik salomatlik va profilaktika laboratoriyasi (JSST standartlari bo‘yicha aholining psixologik holatini monitoring qilish, emotsional charchash, tashvish, depressiya va o‘z joniga qasd qilish xulq-atvorining profilaktikasi, favqulodda vaziyatlarda psixologik yordam).
2030-yilgacha rejalar
2027-yildan boshlab ITIda yiliga 2000 nafar psixologning malakasi oshirilishi (2030-yil oxirigacha jami 8000 nafar) va 150 nafar mutaxassis qayta tayyorlanishi (jami 600 nafar) rejalashtirilgan. 2027-yil oktabridan yagona elektron psixologik yordam platformasi va «O‘zbekiston yoshlari psixologik salomatligi» monitoringini olib borish hamda maqsadli yordamni rejalashtirish imkonini beruvchi «milliy psixologik salomatlik monitoringi tizimi»ni ishga tushirish rejalashtirilgan. Psixologik xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish uchun ijtimoiy jihatdan zaif aholi toifalari uchun xizmatlarni vaucher moliyalashtirish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat psixologlarni jalb etish nazarda tutilgan. Shuningdek, aholi uchun podkastlar, video materiallar va boshqa ma’rifiy materiallar tayyorlash rejalashtirilgan.



