Asosiy ma’lumotlar

  • 125 metr masofa talabiga mos kelmaydigan 628 AZS — ma’lumotlar 20 oktyr kuni Qonunchilik palatasida e’lon qilindi
  • Qonun loyihasidan alohida sanksiya chiqarib tashlandi, biroq javobgarlik umumiy me’yor bo‘yicha saqlanadi
  • 18 iyun sanasidagi hukumat qaroriga muvofiq obyektlarni xavfsiz hududlarga bosqichma-bosqich ko‘chirish rejalashtirilgan

Alohida sanksiyaning chiqarib tashlanishi

O‘zbekistonda xavfli yuklarni tushirish joylari va turar joy binolari o‘rtasidagi kamida 125 metr masofa talabiga javob bermaydigan 628 avtomobil yonilg‘i quyish shoxobchasi aniqlandi. Buni 20 oktyr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yig‘ilishida Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, deputat Farhod Zayniyev ma’lum qildi. Parlament a’zolari 13 oktyr kuni birinchi o‘qishda ma’qullangan sanoat xavfsizligi tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqmoqda. Hujjatni qayta ishlash jarayonida deputatlar korrupsiya xavflari hamda shoxobchalarning faoliyatini to‘xtatish imkoniyatini hisobga olib, undan ushbu me’yorni buzish uchun alohida sanksiyani chiqarib tashladilar. Zayniyev bu javobgarlikni bekor qilish degani emasligini ta’kidladi: xavfsiz masofalarning buzilishi xavfli yuklarni yuklash va tushirish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik haqidagi umumiy me’yor bilan qamrab olinadi, u avtomatik ravishda emas, balki haqiqiy holatlarni hisobga olib qo‘llanadi. Yig‘ilishda 628 shoxobchaning qaysi hududlarda joylashgani, ularda qanday yoqilg‘i sotilgani, ulardan nechtasi faoliyatni davom ettirayotgani va buzilishlar qachon aniqlangani haqida ma’lumot berilmadi.

Amaldagi talablar

2011-yil 16-fevraldagi №35-sonli hukumat qarori bilan tasdiqlangan avtomobil transportida xavfli yuklarni tashish qoidalarining 83-bandida muvofiq xavfli yuklarni yuklash, tushirish va qayta yuklash joylari, shuningdek transport turargohlari turar joy binolari, ishlab chiqarish binolari va omborlardan kamida 125 metr uzoqlikda bo‘lishi kerak. Magistral yo‘llargacha minimal masofa 50 metrni tashkil etadi, yuklash yoki tushirishni kutayotgan avtomobillar tegishli maydonchalardan kamida 25 metr uzoqlikda bo‘lishi lozim. Me’yor faqat xavfli yuklar bilan operatsiyalar o‘tkaziladigan joylarga tegishli.

Shoxobchalarni ko‘chirish rejasi

Zayniyev, shuningdek, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan yonilg‘i quyish shoxobchalarini bosqichma-bosqich ko‘chirish Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-iyundagi «Yoqilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida favqulodda holatlar va baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda inson hayotiga tahdid soluvchi omillarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi (№315) alohida qarorida nazarda tutilganini ma’lum qildi. Hujjatga muvofiq Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari va Toshkent hokimligi tegishli idoralar bilan birgalikda 1-sentabrgacha odamlar hayoti va salomatligiga tahdid soladigan yoki jamoat, yong‘in, sanoat va ekologik xavfsizligi, shuningdek shaharsozlik normalariga javob bermaydigan shoxobchalar reyestrini shakllantirishi kerak edi. Ushbu ro‘yxat asosida hokimiyat organlari bunday obyektlarni xavfsiz hududlarga bosqichma-bosqich ko‘chirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishi lozim. Qarorda shoxobchani ko‘chirishda tadbirkorning avvalgi yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarini saqlab qolish nazarda tutilgan, xavfsiz joylarga ko‘chirilgan avtomobil gaz to‘ldiruvchi kompressor stansiyalari esa gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar olishning istisno huquqiga ega bo‘ladi. Tegishli tadbirlarni moliyalashtirish keyingi yillar uchun hududlarning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilgan.

Tekshiruv natijalari

Yonilg‘i quyish shoxobchalari xavfsizligi nazoratini kuchaytirish zarurati ilgari umummilliy so‘rov natijalari bilan asoslangan edi. 18-iyundagi hukumat qaroriga ko‘ra, tekshiruvlar jami 6196 obyektni qamrab oldi: benzin, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gaz sotish shoxobchalari, shuningdek maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish obyektlari. 46 737 buzilish va kamchilik aniqlandi, jumladan 25 341 tasi sanoat va texnik xavfsizlik sohasida, 7949 tasi yong‘in xavfsizligi, 7875 tasi texnologik jarayonlarga rioya qilish, 3354 tasi texnik jihatdan tartibga solish va 2218 tasi qurilish sohasida. Joyida 7166 kamchilik bartaraf etildi, 464 shoxobchaning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab ortiqcha bosim ostida ishlaydigan, xizmat muddati tugagan yoki ishlab chiqarilgan sanasi noma’lum qurilmalardan foydalanishni bosqichma-bosqich cheklash boshlanishi kerak; bu chora-tadbirlarni 2030-yil 1-yanvargacha yakunlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan zarur sertifikatlar va ruxsatnomalarga ega mutaxassislarsiz xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanayotgan shoxobchalarning faoliyatini to‘xtatish nazarda tutilgan. Buzilishlar bartaraf etilgandan so‘ng ularning faoliyati belgilangan tartibda avtomatik ravishda qayta tiklanishi lozim.

Gaz stansiyalaridagi baxtsiz hodisalar

Yonilg‘i quyish shoxobchalari xavfsizligi masalasi yirik hodisalardan so‘ng ko‘p marta ko‘tarilgan edi. 2025-yil 16-iyulda Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi gaz to‘ldirish stansiyasida portlash va yong‘in sodir bo‘ldi. Dastlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘rt kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Keyinchalik, 2026-yil 13-oktyabrda adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Mahmud Istamov sud hujjatlariga tayanib, fojia oqibatida 9 kishi halok bo‘lgani va yana 20 kishi jarohat olganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, OAV materiallarida hodisa haqida xavfsiz masofalar talablariga rioya qilingani, zarur himoya uskunalarining mavjudligi va texnik ko‘riklar o‘tkazilgani haqidagi hujjatlar, ehtimol, soxtalashtirilgani qayd etilgan edi. Bunday holatlarning oldini olish uchun sanoat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun loyihasida odamlar hayoti va salomatligiga zarar yetkazgan buzilishlar uchun jinoiy javobgarlik, ma’muriy jarimalarning oshirilishi hamda ekspertlarning ataylab noto‘g‘ri xulosalari uchun alohida javobgarlik nazarda tutilgan. Ikkinchi o‘qishga tayyorgarlik jarayonida, shuningdek, sog‘liqqa o‘rtacha yoki og‘ir zarar yetkazishda jinoiy javobgarlikdan ozod qilish imkoniyati — jabrlanuvchi bilan murosaga kelish, aybni tan olish va zararni qoplash sharti bilan nazarda tutilgan. Odamlar halok bo‘lgan hollarda bunday imkoniyat berilmaydi. 20 oktyabr kuni Qonunchilik palata qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ma’qulladi.