Asosiy ma’lumotlar
- Alphabet daromadi 25 foizga o'sib, 127,6 mlrd dollarga yetdi — ikki xonali o'sish qayd etilgan ketma-ket 13-chorak
- Google Cloud daromadi AI infratuzilmasiga bo'lgan talab fonida ikki barobar o'sib, 30,7 mlrd dollarga yetdi
- Boshqa daromad va xarajatlar bo'yicha 8,2 mlrd dollarlik zarar tufayli sof foyda 26,5 mlrd dollargacha kamaydi
Daromad va foyda
Google'ning ona kompaniyasi Alphabet 2026-yilning uchinchi choragi natijalarini e'lon qildi: daromad yiliga nisbatan 25 foizga o'sib, 102,3 mlrd dollardan 127,6 mlrd dollarga yetdi — bu ikki xonali o'sish qayd etilgan ketma-ket 13-chorak bo'ldi. Buni kompaniyaning moliyaviy hisobotiga tayanib Anadolu xabar qildi .
Cloud daromadi ikki barobar o'sdi, sof foyda kamaydi
O'sishning asosiy omili bulutli bo'lim bo'ldi: Google Cloud daromadi 103 foizga o'sib, 15,2 mlrd dollardan 30,7 mlrd dollarga yetdi, uning operatsion foydasi esa 3,6 mlrd dollardan 11,1 mlrd dollarga ko'tarildi. Kompaniya buni sun'iy intellekt infratuzilmasiga, AI yechimlariga va o'zining bulutli xizmatlariga bo'lgan talab bilan izohlaydi. Google Services daromadi 11 foizga o'sib, 96,3 mlrd dollarga yetdi: qidiruv va boshqa xizmatlar 63,4 mlrd dollar (+12%), YouTube reklamasi — o'tgan yilgi 10,3 mlrd dollarga qarshi 11,2 mlrd dollar, obunalar, platformalar va qurilmalar — 12,9 mlrd dollarga qarshi 14,3 mlrd dollar keltirdi. Other Bets segmenti 372 mln dollar ishlab topdi, biroq uning operatsion zarari 2 mlrd dollargacha yetdi.
Sof foyda nima uchun kamaydi
Operatsion foyda 30 foizga o'sib, 40,6 mlrd dollarga yetganiga qaramay (operatsion marja — 31,8 foiz), sof foyda o'tgan yilgi taxminan 35 mlrd dollardan 26,5 mlrd dollargacha, bitta aktsiyaga to'g'ri keladigan suyultirilgan foyda esa 2,87 dollardan 2,12 dollargacha kamaydi. Sabab — boshqa daromad va xarajatlar bo'yicha 8,2 mlrd dollarlik zarar (o'tgan yili 12,8 mlrd dollar foyda bo'lgan edi): ulushli qog'ozlarga investitsiyalardan zarar 8,7 mlrd dollarni tashkil etib, soliqlardan keyin sof foydani 6,7 mlrd dollarga qisqartirdi.
Rahbariyat bayonlari
Alphabet bosh direktori Sundar Pichai chorakni kuchli deb atadi va kompaniya yillik daromad o'rtacha ko'rsatkichi yarim trillion dollarga chiqqanini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, qidiruv so'rovlari sonining o'sish sur'ati — tijorat so'rovlari ham qo'shilganda — so'nggi besh yildagi eng yuqori ko'rsatkich. Pichai, shuningdek, Gemini ilovasi 1 mlrd foydalanuvchiga yetib, Google tarixidagi eng tez o'sayotgan mahsulotga aylanganini, kompaniyaning o'z AI modellari API orqali daqiqasiga deyarli 32 mlrd token qayta ishlashi — bu o'tgan yilga nisbatan to'rt barobardan ko'p — hamda YouTube Music va Premium obunachilari sinov muddatini hisobga olgan holda 150 mln dan oshganini ma'lum qildi.



