Asosiy ma’lumotlar

  • Diagnostika ta’lim jarayonidagi barcha ishtirokchilar uchun o‘quv yiliga kamida bir marta majburiy bo‘ladi
  • Natijalar sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi, muhtojlarga psixologlar va mentorlar biriktiriladi
  • Nizomiy Ganjaviy nomidagi Milliy pedagogika universiteti negizida Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

Majburiy yillik diagnostika

«Uzluksiz ta’lim tizimida psixologik xizmat sohasini ilmiy asosda rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, ta’lim muassasalarining barcha pedagoglari (tarbiyachilari) va o‘quvchilari (tarbiyalanuvchilari, talabalari) o‘quv yiliga kamida bir marta maqsadli psixologik diagnostikadan o‘tadi.

Joriy etishning ikki bosqichi

Tizim ikki bosqichda joriy etiladi. 2026/2027 o‘quv yilidan u maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini, 2027/2028 o‘quv yilidan esa o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarini qamrab oladi.

Diagnostika qanday tashkil etiladi

Diagnostikani Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti maxsus elektron platforma orqali o‘tkazadi. Shaxsiy ma’lumotlar va tekshiruv natijalarining maxfiyligi ta’minlanishi shart. Natijalar sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida tahlil qilinadi, so‘ngra pedagoglar va o‘quvchilar uch guruhga bo‘linadi: «psixologik barqaror», «psixologik yordamga muhtoj» va «faol psixologik yordamga muhtoj». Ikkinchi guruhdagi shaxslarga ta’lim muassasasi psixologi biriktiriladi, uchinchi guruh bilan tegishli hududning psixolog-mentorlari ishlaydi.

Psixologlarni rag‘batlantirish

Pedagoglar tomonidan kaskadli malaka oshirish kurslariga jalb etilgan psixologlarga kurs davomida asosiy ish joyidagi lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov amalga oshiriladi. O‘quv yili davomida psixologik barqarorlikni ta’minlashda yuqori natijalarga erishgan 150 nafar psixolog-mentor mehnatning minimal oylik haqining 20 baravari miqdorida bir martalik mukofot oladi. Ta’lim muassasalari psixologik xizmat xodimlari kamida besh yilda bir marta malakasini oshirishi shart.

Yangi psixologiya instituti

Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining Ta’lim-ilmiy psixologiya markazi negizida Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi, u Ta’lim va fan vazirligi ixtiyoriga o‘tadi. 2027-yil 1-yanvardan institutda uch laboratoriya faoliyatini boshlaydi: raqamli psixologiya va sun’iy intellekt, ta’lim psixologiyasi va psixologik xizmat, shuningdek, psixologik salomatlik va profilaktika laboratoriyalari.