Asosiy ma’lumotlar

  • 13-oktabr kuni Penza viloyatining Volchkovo qishlog‘i yaqinida gaz quvurida portlash sodir bo‘ldi; alanga balandligi taxminan 70 metrga yetdi, jabrlanuvchilar bo‘lmadi
  • O‘zbekiston idoralari gaz yetkazib berish hukumatlararo kelishuv doirasida jadval bo‘yicha davom etayotganini ta’kidlamoqda
  • 2026-yilning sakkiz oyida Rossiya va Turkmanistondan gaz importi 15,2% o‘sib, 1,21 mlrd dollarni tashkil etdi

O‘zbekiston hokimiyati: gaz yetkazib berish buzilmagan

Rossiyada «O‘rta Osiyo — Markaz» magistral gaz quvurida sodir bo‘lgan portlashga qaramay, O‘zbekistonga gaz yetkazib berish shartnomaviy majburiyatlarga muvofiq davom etmoqda. Bu haqda 14-oktabr kuni energetika tariflari islohotiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Energetika vazirligi va Iqtisodiyot hamda moliya vazirligi vakillari ma’lum qildi. Energetika vazirligi vakili Rossiya bilan hukumatlararo kelishuv mavjud bo‘lib, uning doirasida barcha tomonlar o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida bajaryotganini aytdi. Neft-gaz sohasini nazorat qiluvchi iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Xurshed Mustafoyev ham «bu borada muammolar yo‘q» deb qayd etdi: «Yetkazib berishlar ikki kompaniya o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda».

Gaz quvuridagi portlash

13-oktabr kuni «Kommersant» Rossiyanning Penza viloyati Volchkovo qishlog‘i yaqinidagi gaz quvurida portlash sodir bo‘lganini xabar qildi. Hodisadan so‘ng intensiv fakel yonishi boshlandi, olov ustunining balandligi taxminan 70 metrga yetdi. Hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, quvur tezda yopildi. Halok bo‘lganlar va jabrlanuvchilar haqida ma’lumot kelmagan. «O‘rta Osiyo — Markaz» gaz quvuri uzunligi taxminan 5 ming km bo‘lgan va Turkmaniston, O‘zbekiston hamda Qozog‘iston konlarini Rossiya va Yevropa iste’molchilari bilan bog‘lovchi transport tizimiga kiradi.

Gaz importi dinamikasi

2026-yilning sakkiz oyida Rossiya va Turkmanistondan tabiiy gaz importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,2% o‘sib, 1,21 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu summaning 124,3 mln dollari suyultirilgan gazga (propan) to‘g‘ri keldi, uning xaridlari 3,5 barobar oshdi. Avgustda tabiiy va suyultirilgan gaz importi pul ifodasida 206,1 mln dollarni tashkil etdi, iyulda esa 38,3 mln dollargacha kamaygandi. Eslatib o‘tamiz, Spot avval 1-noyabrdan boshlab aholi uchun suyultirilgan gaz narxi 2,5 barobar — kilogrammi 5000 so‘mgacha qimmatlashishi mumkinligini xabar qilgandi.