Asosiy ma’lumotlar
- Qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan issiqxonalarga 1-dekabrgacha ruxsat etilgan energiya manbalariga o‘tish taklif etildi; qat’iy texnik talablarga rioya qiluvchi xo‘jaliklar uchun istisno mavjud.
- 2026-yil 15-oktabrdan 2027-yil 15-martgacha doimiy ekologik monitoring o‘tkaziladi: datchiklar va kameralar ma’lumotlari Ekologiya qo‘mitasi tizimiga real vaqt rejimida uzatiladi, dronlardan foydalaniladi.
- Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash: gektariga 50 mln so‘mgacha subsidiya, 7 yil muddatga 3 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar, uy xo‘jaliklari uchun 100 mln so‘mgacha grantlar.
Issiqxonalar uchun maxsus ekologik rejim
13-oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga o‘tkazilgan taqdimotda Toshkent va unga qo‘shni beshta tumandagi issiqxonalar uchun maxsus ekologik rejim joriy etish taklifi ko‘rib chiqildi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati. O‘tgan yili maxsus komissiya issiqxonalarni tekshirdi va xo‘jaliklarning bir qismini ekologik toza energiya manbalariga o‘tishga ko‘maklashdi, biroq ba’zi xo‘jaliklarda hozirgacha ko‘mir ishlatilmoqda. Kuz va qishda shamolning kuchsizlanishi va harorat inversiyasi tufayli issiqxonalar emissiyasi poytaxt va uning atrofida to‘planishi mumkin.
Ruxsat etilgan va taqiqlangan energiya manbalari
Isshonch uchun tabiiy gaz, elektr energiyasi, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligiga ruxsat berildi. Shinalar, plastmassa, bitum, mazut, ishlatilgan moylar va chiqindilarni yoqish taqiqlanadi. Qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan issiqxonalarga 1-dekabrgacha ruxsat etilgan energiya manbalariga o‘tish taklif etildi. Qat’iy texnik talablarga rioya qiluvchi xo‘jaliklar uchun istisno qilinishi mumkin: yoqilg‘ini yopiq binolarda saqlash, avtomatlashtirilgan qozonlar, samarali chang-gaz tozalash uskunalari va zaxira generatorining mavjudligi, kul va shlaakni xavfsiz yig‘ish, mo‘ri trubasining balandligi belgilangan me’yorlarga mos kelishi.
Dronlar bilan emissiya monitoringi
2026-yil 15-oktabrdan 2027-yil 15-martgacha issiqxona xo‘jaliklarida doimiy ekologik monitoring olib boriladi: chang-gaz tozalash uskunalarining ishlashi, emissiya hajmi va yoqilg‘i turlariga oid talablarga rioya etilishi nazorat qilinadi. O‘lchov asboblar va video kuzatuv vositalaridan olingan ma’lumotlar Ekologiya milliy qo‘mitasining axborot tizimiga real vaqt rejimida uzatiladi. Monitoringda dronlar va jamoatchilik vakillari jalb etiladi. Tozalash uskunalari yo‘qligi, emissiya me’yorlaridan oshib ketishi yoki taqiqlangan yoqilg‘idan foydalanish aniqlanganda, issiqxona faoliyatini to‘xtatishgacha bo‘lgan ta’sir choralari ko‘zda tutilgan.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va imtiyozlar
Xo‘jaliklarni moslashtirish uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ishlab chiqildi: ekologik va energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatish uchun gektariga 50 mln so‘mgacha subsidiyalar va yetti yil muddatga 3 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar. Uy xo‘jaliklari hovlisidagi issiqxonalar uchun 2030-yilgacha yer va mulk soliqlarini 50 foizga kamaytirish, aylanma soliqdan ozod qilish va energiya tejamkor tizimlar iste’mol qiladigan elektr energiyasi xarajatlarining yarmini kompensatsiya qilish taklif etildi. Shuningdek, Toshkent va qo‘shni hududlar uy xo‘jaliklari uchun «yashil» energiya manbalarini joriy etish uchun 100 mln so‘mgacha grantlar, yangi «yashil» issiqxonalar qurish uchun 300 mln so‘mgacha va mavjudlarini modernizatsiya qilish uchun 150 mln so‘mgacha imtiyozli kreditlar ko‘rib chiqildi. Issiqxona xo‘jaligiga ixtisoslashgan 50 mahallada ehtiyojmand oilalar uchun ekologik xavfsiz issiqxonalar yaratish rejalashtirilgan.
Filtrlar sinovdan o‘tmadi, taqiq saqlanadi
Avvval, 12-oktabr kuni, Ekologiya milliy qo‘mitasi tadbirkorlarning zamonaviy qozonlar va filtrlar o‘rnatilgan holda ko‘mir bilan isitishga ruxsat berish takliflari haqida xabar berdi. Xo‘jaliklar tomonidan taqdim etilgan xitoy texnologiyalari asosidagi sinov filtrlash tizimi sinovdan o‘tmadi: 30-sentabr va 8-oktabrdagi o‘lchovlar emissiyaning me’yorlarga mos kelmasligini aniqladi. Tadbirkorlar namunani takomillashtirishi lozim, shundan so‘ng mutaxassislar qayta o‘lchovlar o‘tkazadi. Idora poytaxt regionida ekologik xavfsiz isitish tizimlariga ega bo‘lmagan issiqxonalarning faoliyatiga taqiq saqlanishini ta’kidladi.
Bog‘liq chora: ehtiyojmand oilalarga to‘lovlar
Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirish to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi 28-oktabrgacha jamoatchilik muhokamasiga chiqarildi. Loyihaga ko‘ra, 2026/2027-yillar isitish mavsumida, jumladan noyabr oyida, ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratilishi rejalashtirilgan; mablag‘lar 2026-yil 30-noyabrgacha fuqarolarning ijtimoiy yoki bank kartalariga o‘tkazilishi kerak.



