Asosiy ma’lumotlar

  • 2027-yilda «15 daqiqalik mahalla» tamoyili asosida Toshkentning 100 mahallasi yangilanadi, 2030-yilga kelib — 400 tasi, 130 ming ish o‘rni yaratiladi
  • Pilot loyiha Yashnobod tumanining 75 gektar maydonli va 18 386 nafar aholi yashovchi to‘rt mahallasini qamrab oladi
  • 2030-yilga kelib poytaxtda 126 ming maktab va 40 ming bog‘cha o‘rnini yaratish rejalashtirilgan; birinchi bosqichda $1 mlrd investitsiyalangan Uchtepa City loyihasi taqdim etildi

Mahallalarni yangilash loyihalari taqdimoti

14-oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mahallalarni obodonlashtirish, yangi maktablar va bog‘chalarni qurish hamda Toshkent shahar muhitini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati. Yangilash asosida «15 daqiqalik mahalla» tamoyili yotadi: savdo nuqtalari, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, dam olish va sport joylari turar joydan piyoda masofada joylashishi kerak. Rejaga ko‘ra, 2027-yilda poytaxtda 100 mahalla kompleks yangilanadi, 2030-yilga kelib esa — 400 tasi.

Yashnobod tumanidagi pilot loyiha

Birinchilardan bo‘lib Yashnobod tumanining «Vatandosh», «Mohinur», «Al-Buxoriy» va «Tong» mahallalarining umumiy maydoni 75 gektar bo‘lgan, 18 386 nafar aholi yashovchi kompleks yangilash loyihasi taqdim etildi. Yashil zonalar kengaytirilishi, uch kilometrli sayr xiyoboni tashkil etilishi, bolalar va sport maydonchalari yangilanishi hamda ko‘p funksiyali sport obyekti qurilishi rejalashtirilgan. Amaldagi maktablarni kengaytirish hisobiga 2 ming qo‘shimcha o‘quv o‘rni yaratiladi, 540 o‘rinli to‘rtta bog‘cha va uch poliklinika tashkil etiladi. Shuningdek, 76 ta uy fasadini va muhandislik tarmoqlarini yangilash, avtomobillarni hovlilardan tashqariga chiqarish, transport bekatlarini yangilash, xavfsiz piyodalar va velosiped yo‘llarini tashkil etish, ko‘cha yoritishini yaxshilash va chiqindilarni yig‘ish punktlari sonini oshirish, shuningdek, savdo obyektlari, kafelar va muloqot joylarini yaratish nazarda tutilgan.

Dastur qamrovi va ish o‘rinlari

400 mahallani yangilash doirasida issiqlik ta’minoti, ichimlik suvi ta’minoti, kanalizatsiya, elektr va gaz ta’minoti tizimlarini, yoritishni, yo‘llarni, trotnuarlarni, ko‘p qavatli uylarning fasadlarini va hovli infratuzilmasini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Har bir aholiga to‘g‘ri keladigan daraxt va butalar sonini xalqaro standartlarga moslashtirish niyat qilinmoqda. 2030-yilga kelib bu mahallalarda 130 ming yangi ish o‘rni yaratilishi, jumladan, 2027-yilda 100 mahallada 22 mingtasi kutibilmoqda. Loyihalarni amalga oshirish uchun banklar «konveyer» loyihalarini ishlab chiqish va ishga tushirish tizimini yo‘lga qo‘yadi.

Maktablar va bog‘chalar

Maktablar va bog‘chalardagi o‘rinlar yetishmasligiga alohida e’tibor qaratilgan. 2030-yilga kelib Toshkentda respublika va mahalliy byudjetlar hisobiga 126 ming yangi o‘quv o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan, bu maktablarning yuklanish koeffitsientini hozirgi 1,4 dan 1,2 gacha kamaytirishi kerak. 2026/2027 o‘quv yili uchun 38 ming o‘rinli 24 ta yangi maktab loyihalari tayyorlangan. Poytaxtda maktabgacha ta’lim bilan qamrov 79,2 foizni tashkil etadi, bog‘chalardagi o‘rinlar yetishmasligi 65 mingtaga yetadi. 2030-yilga kelib 40 ming o‘rin qo‘shilishi va qamrovni 92 foizga yetkazish rejalashtirilgan; kelgusi o‘quv yili uchun 16 ming o‘rinli 28 ta bog‘cha loyihalari tayyorlangan.

Uchtepa City biznes markazi va boshqa loyihalar

Prezidentga shuningdek, Uchtepa tumanidagi zamonaviy Uchtepa City biznes markazi loyihasi taqdim etildi, u xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga 37 gektar maydonda ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda investor 26 gektar maydonda qurilishga $1 mlrd sarmoya kiritadi; ikkinchi bosqichda, 11 gektarda, turar-joy binolari va xizmat ko‘rsatish obyektlari quriladi. Markazda ko‘p qavatli turar-joy uylari, ofislar, savdo-ko‘ngilochar majmuasi, xalqaro brend mehmonxonasi va sayr zonasi paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston–Turkiya do‘stligi bog‘i va Atatürk ko‘chasining arxitektura kontseptsiyasi taqdim etildi.

Prezident topshirig‘i

Davlat rahbari mas’ul shaxslarga taqdim etilgan loyihalarni aholi ehtiyojlari va shaharsozlik talablari hisobga olingan holda qo‘shimcha ishlash topshirdi.