Asosiy ma’lumotlar
- Akademiya — yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimidagi davlat oliy ta’lim muassasi, Parijdagi Xalqaro moda akademiyasi bilan qo‘shma dastur asosida
- Ta’lim 2026/2027 yildan; 2027/2028 yildan — dual ta’lim va texnikum bitiruvchilarini bakalavriatning 3-kursiga darhol qabul qilish
- 2028-yil oxiriga qadar — GCH asosida 400 o‘rinli yotoqxona
Akademiyani tashkil etish
Prezidentning «Toshkent xalqaro moda akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, akademiya davlat oliy ta’lim muassasi bo‘lib, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi. U Toshkent to‘qima va yengil sanoat institutining Parijdagi Xalqaro moda akademiyasi bilan qo‘shma ta’lim dasturi asosida yaratiladi.
Ta’lim va qabul
Qo‘shma dastur bo‘yicha tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishni akademiyada davom ettiradi va uning diplomini oladi. O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi, talabalarni qabul qilish amaldagi qonunchilikda belgilangan umumiy tartibda amalga oshiriladi. Qo‘shma dasturlardan tashqari, akademiya o‘zining bakalavriat va magistratura dasturlari bo‘yicha ham kadrlar tayyorlay oladi.
Dual ta’lim va dizayn
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qima, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sanoati sohalarida kadrlar tayyorlash maqsadida korxonalar buyurtmasiga ko‘ra dual ta’lim shakli joriy etiladi. Akademiya bazasida davlat buyurtmasi hisobiga turli tashkilotlar va idoralar uchun kiyim dizaynlarini ishlab chiqish, shuningdek, milliy brendlarni shakllantirish yo‘lga qo‘yiladi.
Texnikum bitiruvchilariga imtiyozlar va yotoqxona
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab yengil sanoat uchun kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar bitiruvchilari akademiya tomonidan belgilangan ko‘rsatkichdan past bo‘lmagan o‘rtacha balni qo‘lga kiritgan holda to‘lov-kontrakt asosida bakalavriatning uchinchi bosqichida o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Farmon bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga ko‘ra, 2028-yil oxiriga qadar akademiya talabalari uchun davlat-xususiy hamkorlik asosida 400 o‘rinli yotoqxona qurib topshiriladi. Bungacha institutdan ko‘chirilayotgan talabalarga belgilangan tartibda institut yotoxonasidan foydalanishga ruxsat beriladi.



