Asosiy ma’lumotlar

  • Toshkentda 14-oktabr kechqurun ifloslanish indeksi 100–150 punktgacha yetishi mumkin
  • Eng yuqori ifloslanish 22:00–23:00 da shahar shimoli va g‘arbida kutilmoqda
  • Sezgir guruhlarga ochiq havoda uzoq bo‘lish va kuchli yuklamalarni cheklash tavsiya etiladi

Toshkentda 14-oktabr kechqurun havoning sifati yomonlashishi kutilmoqda.

Ifloslanish indeksi 100–150 punktgacha yetishi mumkin, bu aholining sezgir guruhlari uchun noqulay daraja hisoblanadi. Buni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy komissiyasi ma’lum qildi.

Ifloslantiruvchi zarralarning eng yuqori konsentratsiyasi soat 22:00 dan 23:00 gacha shaharning shimoliy va g‘arbiy qismlarida kutilmoqda.

Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, havo sifatining yomonlanishiga kuchsiz shamol va harorat inversiyasi sabab bo‘lishi mumkin, buning natijasida ifloslantiruvchi zarralar yer yuzasida to‘planadi.

Bunday ifloslanish darajasida nafas yo‘llari kasalliklari bor odamlarga va boshqa sezgir guruhlarga ochiq havoda uzoq bo‘lishni hamda ko‘chada jismoniy kuchli yuklamalarni cheklash tavsiya etiladi.