Qashqadaryoda yangi gazkondensat koni ochildi
Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi Sho‘rtanda «Borisoy» nomli yangi gazkondensat koni topildi. Quduqni sinash chog‘ida sutkasiga 300–400 ming kub metr gaz va kondensat oqimi olingani ma’lum qilindi. Qidiruv burg‘ilashi 5-avgustda boshlangan, quduq 3159 metr chuqurlikka burg‘ilgan. Sinovlar 2842–3001 metr chuqurlikdagi karbonat cho‘kindilaridan uglevodorodlar oqimini ko‘rsatdi. Mutaxassislar hozirda mahsuldor qatlamlarning xususiyatlarini o‘rganib, kon salohiyatini baholamoqda. Sinovlar tugagach, gaz 15-oktyabrdan boshlab iste’molchilarga yetkazib berish uchun qayta ishlashga yuborilishi rejalashtirilgan. Yil oxirigacha ikkinchi qidiruv qudug‘ini burg‘ilash ham ko‘zda tutilgan.

















