Asosiy ma’lumotlar
- Zlate-Gori yaqinida ~11 tonna oltin zaxiraga ega kon topildi (DIAMO ma’lumoti).
- Rudada, shuningdek, mis va rux bor; galliy mavjudligi tekshirilmoqda.
- Qazib olishni boshlash to‘g‘risida qaror yo‘q — tadqiqotlar va atrof-muhitga ta’sirni baholash kerak.
Konning topilishi
Chexiyaning shimoli-sharqidagi Zlate-Gori shahri yaqinida yirik kon topildi. DIAMO davlat kompaniyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, uning zaxiralari taxminan 11 tonna oltinni tashkil etadi. Oltindan tashqari, rudada mis va rux ham mavjud: mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, yiliga 200 ming tonna rudani qayta ishlashda 265 tonna mis va 1556 tonna rux olish mumkin. Shuningdek, konida galliy bor-yo‘qligi tekshirilmoqda.
Muddatlar bo‘yicha rejalalar
Loyihaga ko‘ra, qazib olish 10 yil davom etishi kerak, loyihaning umumiy muddati esa 15 yilni tashkil etadi: uch yil tayyorgarlik ishlari, 10 yil qazib olish va yana ikki yil konni yopish hamda yerlarni tiklash uchun. Agar qo‘shimcha geologiya-qidiruv ishlari yangi zaxiralarni aniqlasa, ekspluatatsiya muddati uzaytirilishi mumkin. Loyiha doirasida hududni rivojlantirish uchun qo‘shimcha investitsiyalar jalb etilishi ham nazarda tutilgan, biroq ularning hajmi va yo‘nalishlari hozircha aniqlanmagan.
Ishga tushirish to‘g‘risida qaror hozircha qabul qilinmagan
Konni foydalanishga topshirish to‘g‘risida yakuniy qaror hozircha yo‘q. Buning uchun batafsil tadqiqotlar, qo‘shimcha geologiya-qidiruv ishlari va tog‘ ishlarining atrof-muhitga ta’sirini baholash talab etiladi. Xususan, mutaxassislar suv manbalariga mumkin bo‘lgan ta’sirni, shovqin va chang darajasini, yo‘llarga tushadigan yuklamani hamda portlash ishlarining xavfsizligini o‘rganishi kerak.



