Asosiy ma’lumotlar
- Gazlashtirilmagan hududlarda elektr energiyasi ijtimoiy normasi 200 dan 350 kVt-soatgacha oshirilib, 201–350 kVt-soat narxi 900 dan 650 so‘mga tushiriladi; xonadonlar oyiga 25–37,5 ming so‘m tejaydi.
- 1-noyabrdan isitish va issiq suv tariflari 30 foizga oshiriladi, biroq xizmatlar tannarqi tariflardan 4 barobar yuqori qolmoqda.
- 1 million 17 mingdan ortiq xonadonga 1 million so‘m bir martalik moddiy yordam beriladi; kompensatsiyalar 2028-yil 1-aprelgacha uzaytiriladi.
O‘zbekistonda energiya tariflarini o‘zgartirish va isitish mavsumida aholini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi — UPL muxbiri xabar beradi.O‘zbekistonda energiya tariflari tizimiga o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda, ular ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va mamlakatimizning gazlashtirilmagan hududlarida elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan. Xususan, bunday iste’molchilar uchun isitish mavsumida oylik ijtimoiy elektr energiyasi iste’moli normasi 200 dan 350 kVt-soatgacha oshirilishi taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, 201 dan 350 kVt-soatgacha bo‘lgan elektr energiyasi narxini 900 so‘mdan 650 so‘mga (1 kVt-soat uchun) pasaytirish taklif etilmoqda. Shu tariqa xonadonlar oyiga 25 mingdan 37,5 ming so‘mgacha tejab qolishi mumkin. Bu norma gazlashtirilmagan hududlardagi iste’molchilarning qariyb 80 foizini qamrab oladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda joriy yilning 1-noyabridan boshlab butun mamlakat bo‘ylab isitish va issiq suv ta’minoti tariflarini oshirish taklif etilmoqda. Narxlarni 30 foizga oshirish rejalashtirilgan. Biroq, tariflar oshirilishiga qaramay, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning tannarqi belgilangan tariflardan 4 barobar yuqori bo‘lishi qayd etildi, ya’ni aslida mamlakatimiz fuqarolari issiq suv ta’minoti va isitish uchun umumiy qiymatning atigi 25 foizini to‘laydi.
Joriy isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Bu nafaqat Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga, balki belgilangan mezonlarga mos daromadga ega boshqa xonadonlarga ham tegishli bo‘lishi ta’kidlanadi. Moddiy yordamni 1 million 17 mingdan ortiq xonadon oladi.
Belgilangan bazaviy normalardan ortiq elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun kompensatsiya amaliyoti 2028-yil 1-aprelgacha uzaytiriladi. Daromad mezonlarini kengaytirish hisobiga to‘lovlar qo‘shimcha ravishda 166 ming oilani qamrab oladi. Yana 470 ming oila uchun yordam berishni bir yilga uzaytirish ko‘zda tutilgan.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga oylik iste’mol 20 kilogrammgacha bo‘lganda har bir kilogramm suyultirilgan gaz uchun 3 ming so‘m miqdorida kompensatsiya belgilash taklif etilmoqda. Shu tariqa bunday oilalar uchun suyultirilgan gaz narxi kilogrammi 2 ming so‘m darajasida qoladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda uy-joylarning energiya samaradorligiga 240 milliard so‘m yo‘naltiriladi, hisobiga davlat ta’minotida bo‘lgan va "og‘ir" toifadagi mahallalarga tegishli oilalarga qarashli 3 ming uyning energiya samaradorligi oshiriladi.
Yoqilg‘i va kommunal xizmatlar xarajatlarini qoplash uchun moddiy yordam oluvchilar doirasi ham kengaytirilishi rejalashtirilgan. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalardan tashqari, belgilangan daromad mezonlariga mos boshqa xonadonlar ham yordam olishi mumkin bo‘ladi.
Hozirda "Saxovat va qo‘mak" jamg‘armasi quyidagi yordam mexanizmlarini nazarda tutgan:
1. Joriy kommunal xarajatlarni to‘lash uchun — 1 bazaviy hisoblash miqdorigacha;
2. Kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzni so‘ndirish uchun — 5 BHMgacha;
3. Ko‘mir va boshqa yoqilg‘i turlarini sotib olish uchun — 2 BHMgacha;
4. Gazlashtirilmagan hududlarda yoqilg‘i sotib olish uchun — 3 BHMgacha.



