Asosiy ma’lumotlar
- Kasansoyda Telegram orqali soxta «Mikrokredit» sahifasi yaratib, 250 mln so‘mdan ortiq pul olgan erkak ushlab olindi.
- Gumonlanuvchi ilgari firibgarlik uchun sudlangan va pullarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.
- JK 168-moddasi uchinchi qismi «b» va «v» bandlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi, tergov davom etmoqda.
Namangan viloyatining Kasansoy tumanida Telegram orqali past foizli kredit rasmiylashtirishni va’da qilib, fuqarolardan 250 mln so‘mdan ortiq pul olgan erkak ushlab olindi.
Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi messengerda soxta «Mikrokredit» sahifasi yaratib, foydalanuvchilarga kredit rasmiylashtirishni taklif qilgan. Buning uchun u oldindan pulni bank kartalariga o‘tkazishni so‘ragan. O‘tkazmalar qabul qilingandan so‘ng kredit berilmagan va erkak aloqaga chiqmay qo‘ygan.
Gumonlanuvchi ilgari firibgarlik uchun sudlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, olgan pullarini shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan va qayta jinoyatni og‘ir oilaviy sharoitlar tufayli sodir etgan.
Erakka nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismi «b» va «v» bandlari bo‘yicha (firibgarlik) jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.



