Главное в материале
- P2P oʻtkazma zanjirida bank, protsessing tizimi va toʻlov tashkiloti komissiyalari yigʻindisi yakuniy tarifni tashkil qiladi
- «Nol komissiya» xarajat yoʻq degani emas — uni koʻplab tashkilotlar marketing xarajati sifatida qoplaydi
- Banklar boshqa daromad manbalari hisobiga oʻtkazmalarni bepul qilishi mumkin, toʻlov tashkilotlari esa past marjali komissiya modelida ishlaydi
Komissiyalar haqida davra suhbat Markaziy bankda boʻlib oʻtdi
15-oktabr kuni Markaziy bankda moliyaviy xizmatlardagi komissiyalarga bagʻishlangan davra suhbat boʻlib oʻtdi. Banklar va toʻlov tashkilotlari vakillari turli ilovalarda kartadan kartaga oʻtkazmalar tariflari nega farq qilishini va bepul oʻtkazma xarajatini kim qoplayishini oʻz biznes modeli nuqtayi nazaridan tushuntirdi. Amaliyotda bir ilovada oʻtkazma bepul, boshqasida maʼlum limitgacha komissiya olinmaydi, uchinchisida esa har bir oʻtkazma pulli.
«Nol komissiya — xarajat yoʻq degani emas»
Click asoschisi va rahbari Ulugʻbek Rustamovning tushuntirishicha, kartadan kartaga oʻtkazishda bir nechta ishtirokchi — bank, protsessing tizimi va toʻlov tashkiloti xizmat koʻrsatadi. Mijoz toʻlaydigan komissiya shu zanjirdagi toʻlovlar va xizmatni taʼminlash xarajatlari bilan bogʻliq. Mijozga bepul oʻtkazma taklif qilayotgan tashkilot bu xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi. «Har bitta P2P boʻlganda protsessing tizimi bor, bank bor va toʻlov tashkiloti bor. Bularning hammasining komissiyalari yigʻindisi hozir shu komissiyani tashkil qiladi. Kimdir nol komissiya beryapti degani — bu shunchaki topayotgan foydasidan voz kechyapti degani emas. Koʻplar buni marketing xarajatlari deb hisoblaydi», — dedi Rustamov.
Banklar va toʻlov tashkilotlari daromad modellari farqi
Rustamov banklar bilan toʻlov tashkilotlarining daromad olish imkoniyatlari turlicha ekanini taʼkidladi. Bank mijoz bilan munosabatdan boshqa yoʻnalishlarda ham daromad olib, shu hisobidan oʻtkazmani bepul qilishi mumkin. Click esa kartadan kartaga oʻtkazmalarda komissiyaga koʻproq bogʻliq: «Biz toʻlov tashkilotimiz. Toʻlov tashkiloti juda past marjali, juda kichkina komissiyada ishlaydigan kompaniya hisoblanadi. Bizda mana shu komissiyadan boshqa topadigan pulimiz yoʻq», — dedi u. Uning soʻzlariga koʻra, agar kompaniya kreditlar bergani yoki mijozlar mablagʻlarini aylantirgani boʻlsa, komissiyani qoplash imkoni boʻlardi.
Banklar uchun oʻtkazma — faqat bitta daromad manbai emas
Rustamov banklar mijozlarning kartadagi mablagʻlarini resurs sifatida ishlata olishini bepul oʻtkazmalarni moliyalashtirish imkoniyatlaridan biri sifatida keltirdi. Bankning maqsadi faqat bitta oʻtkazmadan daromad olish bilan cheklanmaydi: mijoz uning kartasidan foydalanishi va pulini shu bankda saqlashi ham bankka manfaat keltiradi.




